AGROMIR kompaniyalar guruhi xodimlari xalqaro darajada o‘z professional salohiyatini kengaytirishda davom etmoqda. Mikrobiolog Irina Krasilnikova, logistika mutaxassisi Azamat Olimov, shuningdek mutaxassislar Firuz Baxriev va Firdavs Baxriev Erasmus+ dasturining OFINU loyihasi doirasida Latviya Hayot Fanlari va Texnologiyalar Universitetida (LBTU) muvaffaqiyatli stajirovka o‘tab qaytishdi. Dastur doirasida treninglar, amaliy mashg‘ulotlar hamda Yevropa oziq-ovqat sanoatining ilg‘or texnologiyalari va raqamlashtirish jarayonlari bilan tanishuv tashkil etildi.
Tashrif davomida ishtirokchilar mahsulotlarni qayta ishlashning zamonaviy yondashuvlari, sensor tahlil, sifat nazorati usullari, innovatsion qadoqlash materiallari va laboratoriya texnologiyalarini o‘rgandilar. Shuningdek, ular oziq-ovqat sektorini raqamlashtirish bo‘yicha xakatonda qatnashib, Design Thinking yondashuvi asosida yechimlar ishlab chiqdilar hamda ishlab chiqarish jarayonlarida sun’iy intellekt va IT vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rgandilar.
Biz xodimlarimizning malakasini oshirib, xalqaro tajribani o‘zlashtirayotgani kompaniyamiz va butun sohaning rivojlanishiga hissa qo‘shayotganidan faxrlanamiz. Erasmus+ dasturiga va OFINU loyihasiga kasbiy o‘sish va bilim almashish imkoniyati yaratib bergani uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz.

